3-ilova. Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar
14 ta sahna
- Toʻxtab turish tormozi qiyalikda ushlab turishi kerak
- Shina protektori naqshining eng kam balandligi
- Tashqi yoritgichlarning rangi
- Oyna tozalagich va yuvgich
- Rul boshqaruvining lyufti (boʻsh yurishi)
- Avtotransport vositalarining toifalari (M, N)
- Mototransport va tirkamalar toifalari (L, O)
- Majburiy jihozlar (7.10): yengil va yuk mashinalari
- Majburiy jihozlar (7.10): avtobuslar
- Majburiy jihozlar (7.10): tirgaklar va nur qaytargichlar
- Tashqi nur qaytargichlar (7.10): tirkama, traktor, arava
- Oynaning yorugʻlik oʻtkazuvchanligi (7.4)
- Xavfsizlik kamarlari va bosh suyanchiqlari (7.13, 7.14)
- Shinaning tashqi nuqsonlari (5.2)
1. Tormoz tizimlari
1.1. Tormoz tizimining konstruksiyasi oʻzgartirilsa, ishlab chiqargan korxona talabiga mos kelmasa yoki transport vositasining shu turida koʻzda tutilmagan tormoz suyuqligi yoki boshqa qismlar qoʻllanilsa.
1.2. Ishchi tormoz tizimining samaradorligi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentda belgilangan talablarga mos kelmasa.
1.3. Gidravlik tormoz yuritmasining zichligi (germetikligi) buzilgan boʻlsa.
1.4. Dvigatel ishlamay turganda pnevmatik yoki pnevmogidravlik tormoz yuritmasining zichligini buzilishi, boshqaruv qismlari ulanmaganda — 30 daqiqada, ulanganida — 15 daqiqada tizimdagi havo bosimini 0,05 MPa dan koʻpga pasayishiga sabab boʻlishi. Gʻildiraklardagi tormoz kameralaridan siqilgan havo chiqishi.
1.5. Pnevmatik yoki pnevmogidravlik tormoz yuritmasining manometri ishlamasa.
1.6. Toʻxtab turish tormoz tizimi transport vositalarini quyidagi joylarda harakatsiz holatda ushlab tura olmasa:
toʻliq jihozlangan holatdagi transport vositalarini — 16 foizdan kam boʻlmagan qiyalikda;
toʻliq jihozlangan holatdagi yengil avtomobillarni va avtobuslarni — 25 foizdan kam boʻlmagan qiyalikda;
toʻliq jihozlangan holatdagi yuk avtomobillarini va avtopoyezdlarni — 31 foizdan kam boʻlmagan qiyalikda;
Izoh: Toʻxtab turish tormoz tizimi sinovdan oʻtkazilayotganda dvigatel transmissiyadan ajratilgan boʻlishi kerak.
2. Boshqaruv qurilmasi
2.1. Boshqaruv qurilmasining lyuft yigʻindisi reglament (qatʼiy belgilangan) sharoitlardagi sinovlarda quyidagi koʻrsatkichdan katta boʻlmasligi kerak:
Transport vositasining toifasi — Yoʻl qoʻyilgan lyuft koʻrsatgichi (gradusda)
M1 — 10°
M2, M3, N1 — 20°
N2, N3 — 25°
2.2. Detal va bogʻlamlarning konstruksiyasida koʻzda tutilmagan siljishlari boʻlsa. Rezbali birikmalar tegishli ravishda mahkamlanmagan yoki oʻrnatilgan usulda qotirilmagan boʻlsa, rul kolonkasining qulflovchi moslamasi ishlamasa.
2.3. Boshqaruv qurilmasining konstruksiyasida koʻzda tutilgan kuchaytirgich yoki mototsikllarda tebranishni pasaytiruvchi moslama (dempfer) nosoz boʻlsa yoki umuman boʻlmasa.
2.4. Boshqaruv qurilmasida qoldiq deformatsiya izlari, darz ketgan joylari va boshqa nuqsonlari boʻlgan qismlar oʻrnatilgan, shu transport vositasi turida koʻzda tutilmagan yoki ishlab chiqargan korxona talabiga mos kelmaydigan qismlar va suyuqliklar qoʻllangan boʻlsa.
3. Tashqi yoritqichlar
3.1. Tashqi yoritgichlar soni, turi, joylashuvi va ishlash tartibi transport vositasining konstruksiyasi talabiga mos kelmasa.
Ishlab chiqarilishi toʻxtatilgan yengil avtomobillarga boshqa turdagi va rusumdagi foydalanishda boʻlgan transport vositalarining tashqi yoritgichlarini oʻrnatishga ruxsat etiladi. Har qanday tashqi yoritgichlar (burilishni koʻrsatadigan miltillovchi chiroq, avariya ishorasi chiroqlaridan tashqari) miltillamasligi kerak.
3.2. Yorituvchi chiroq nurining yoʻnalishi buzilgan boʻlsa.
3.3. Agar tashqi yoritgichlar va nur qaytargichlar belgilangan tartibda ishlamayotgan yoki ifloslangan boʻlsa.
3.4. Yoritish asboblarida nur sochuvchisi boʻlmasa yoxud tegishli yorugʻlik asboblari turiga mos boʻlmagan nur sochuvchi va ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan koʻzda tutilmagan lampalardan foydalanilgan boʻlsa.
3.5. Rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalarni oʻrnatilishi, ularning mahkamlanishi va yorugʻlik ishoraning koʻrinishi belgilangan talablarga javob bermasa.
3.6. Transport vositasida quyidagilar:
old qismida — oq yoki sariq rangdan boshqa rangli tumanga qarshi faralar, sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli burilishni koʻrsatadigan miltillovchi chiroq, oq rangdan boshqa rangli nur qaytargichlar oʻrnatilgan boʻlsa;
orqa qismida — oq yoki sariq rangdan boshqa rangli orqaga harakatlanish, oq rangdan boshqa roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqam belgilarini yorituvchi chiroqlar, sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli burilishni koʻrsatadigan miltillovchi chiroq, qizil rangdan boshqa rangli tashqi yoritgichlar, qizil rangdan boshqa rangli nur qaytargichlar oʻrnatilgan boʻlsa;
yon qismida — sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli yoritgichlar, sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli nur qaytargichlar oʻrnatilgan boʻlsa;
velosipedning old tomoniga oq rangli nur qaytargich yoki chiroq, orqa tomoniga qizil rangli nur qaytargich yoki chiroq, yon tomonlariga esa, zargʻaldoq yoki qizil rangli nur qaytargich oʻrnatilmagan boʻlsa;
Individual harakatlanish vositalari old tomonidan fara chiroqlari va orqa tomonida ogohlantirish chiroqlari yoki nur qaytargichlar bilan jihozlanmagan boʻlsa;
yuk avtomobillari va tirkamalarning yon tomoniga zargʻaldoq rangli va orqa tomoniga qizil rangli kuzovning gabarit parametrlarini belgilab turuvchi nur qaytargichlar oʻrnatilmagan boʻlsa.
4. Oyna tozalagichlar va oyna yuvgichlar
4.1. Oyna tozalagich belgilangan tartibda ishlamayotgan boʻlsa.
4.2. Transport vositasining konstruksiyasida koʻzda tutilgan oyna yuvgich ishlamayotgan boʻlsa.
5. Gʻildiraklar va shinalar
5.1. Shina protektori naqshlarining qoldiq balandligi N2, N3, O3, O4 toifadagi avtotransport vositalari uchun — 1,0 mm dan kam boʻlsa;
M1, N1, O1, O2 toifadagi avtotransport vositalari uchun — 1,6 mm dan, kam boʻlsa;
M2, M3 toifadagi avtotransport vositalari uchun — 2,0 mm dan kam boʻlsa;
Mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlar, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalari uchun — 0,8 mm dan kam boʻlsa.
Izoh: tirkamalar shinasi naqshlarining qoldiq balandligi shatakchi transport vositasi shinalari uchun belgilangan meʼyor kabidir.
5.2. Shinalarda kordning koʻrinishiga olib kelgan tashqi nuqsonlar (teshilgan kesilgan, yorilgan) hamda karkas qatlamlari ajralgan, protektor va yon qismlari koʻchgan boʻlsa.
5.3. Qoʻshaloq shinalar orasiga xavf-xatar tugʻdiruvchi begona jismlar qisilib, tiqilib qolgan boʻlsa.
5.4. Shina oʻlchamlari yoki yoʻl qoʻyilgan ogʻirlik transport vositasining turiga mos kelmasa.
5.5. Transport vositasining bitta oʻqiga har xil oʻlchamli va konstruksiyali (dioganalli va radialli, kamerali va kamerasiz), har xil naqshli, sovuqqa chidamli va chidamsiz, yangi va qayta tiklangan, yangi va protektor naqshi chuqurlashtirilgan, turumlangan va turumlanmagan shinalar oʻrnatilgan boʻlsa.
5.6. N2 va N3 toifadagi kapotsiz tuzilishli magistral tyagach (shatakchi) larning oldingi oʻqiga va M3 toifani II va III klassdagi avtotransport vositalarini oldingi oʻqiga qayta tiklangan shinalar, boshqa oʻqiga esa ikkinchi taʼmirlash klassi boʻyicha qayta tiklangan shinalar oʻrnatilgan boʻlsa.
5.7. M1, M2, M3 toifalarni I klassidagi avtotransport vositalarini oldingi oʻqiga, M3 toifani II va III klassidagi avtotransport vositalarini oʻrta va orqa oʻqlariga ikkinchi taʼmirlash klassi boʻyicha qayta tiklangan shinalar oʻrnatilgan boʻlsa.
5.8. Gʻildirakni mahkamlovchi bolt (gayka) boʻlmasa, disk va gʻildirak obodlari darz ketgan boʻlsa yoki mahkamlash teshiklarining shakli va oʻlchamlari koʻrinadigan darajada buzilgan boʻlsa.
6. Dvigatel
6.1. Ishlab chiqarilgan gazlar tarkibida zararli moddalar yoki tutash darajasi belgilangan meʼyordan ortiq boʻlsa.
6.2. Yonilgʻi uzatish tizimi zich boʻlmasa.
6.3. Ishlab chiqarilgan gazlarni chiqarib tashlash tizimi buzuq boʻlsa.
6.4. Karterni shamollatish tizimining zichligi buzilgan boʻlsa.
6.5. Aholi punktlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalarini hamda dvigatel shovqinini belgilangan meʼyordan baland ovozda qilib foydalanish.
7. Transport vositasi konstruksiyasining boshqa tarkibiy qismlari
7.1. Orqa tomonni koʻrsatuvchi koʻzgular soni, joylashuvi va turi belgilangan talablarga mos kelmasa, transport vositasining konstruksiyasida koʻzda tutilgan oynalari boʻlmasa.
7.2. Tovushli ishora ishlamasa.
7.3. Haydovchining joyidan tevarak-atrof koʻrinishini cheklaydigan qoʻshimcha narsalar oʻrnatilgan va qoplamalar tushirilgan boʻlsa.
Transport vositasi salonidagi va ikki yonidagi orqa tomonni koʻrish koʻzgusiga koʻrinishini cheklaydigan buyum, narsa yoki jihozlar taqilgan boʻlsa.
7.4. Barcha transport vositasining old, yon oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligi 70 foizdan kam boʻlsa, avtomobil tomidagi lyuk oynasi, shuningdek, ruxsatnoma asosida tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) avtotransport vositalarining oynalari bundan mustasno.
Izoh. III klass M3 toifadagi avtotransport vositalarining orqa va yon oynalariga pardalar, ikki yonga orqa tomonni koʻrish uchun tashqi koʻzgusi mavjud boʻlgan barcha toifadagi avtotransport vositalari orqa oynalarining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi cheklanmagan darajada oʻzgartirishga (qoraytirishga), shuningdek, ushbu orqa oynalarga parda (chiy parda, darparda) oʻrnatishga ruxsat beriladi.
7.5. Konstruksiyasida koʻzda tutilgan yukxona yoki kabina eshiklarining qulflari, yuk platformasi bortlarining yopqichlari, sisternalar ogʻzining qulflari va yonilgʻi idishining qopqoqlari, haydovchi oʻrindigʻi holatini sozlovchi qurilma, avtobusda falokat yuz bergan vaqtida eshiklarni ochish moslamasi va toʻxtatish talabi ishorasi, avtobus salonini yoritish asboblari, falokat yuz bergan vaqtda chiqish joylari va ularni harakatga keltiruvchi moslamalari, eshiklarni ochish va yopish qurilmalari, spidometr, taxograf, oynalarni isituvchi va shamollatuvchi moslamalari va haydab olib qochishga qarshi moslamalari ishlamaydi.
7.6. Spidometr qurilmasi nosoz va tamgʻalanmagan (shaxsiy transport vositalari, mototsikl, elektromototsikl, skuter, mopedlar, kichik hajmdagi mototransport vositalaridan tashqari) boʻlsa;
7.7. Transport vositasi konstruksiyasida koʻzda tutilgan orqa himoya vositasi, loy toʻsgichlar boʻlmasa.
7.8. Ishlab chiqargan korxona tomonidan koʻzda tutilmagan antenna, sirena, ratsiya, tovush chiqarish moslamalari, yoritgichlar, konstruksiyasida koʻzda tutilmagan nostandart yukxonalar va boshqalar belgilanmagan joyda va tegishli ruxsatsiz oʻrnatilsa.
7.9. Tirkama boʻgʻimining tortish-tirkash yoki tayanch-tirkash moslamasi nosoz hamda konstruksiyasida koʻzda tutilgan ehtiyot poʻlat arqon (zanjir) yoʻq yoki nosoz boʻlsa. Mototsikl yoki elektromototsikl ramasi bilan yon tirkama ramasi mahkamlangan joyda lyuft boʻlsa.
7.10. Transport vositalari quyidagilar bilan jihozlanmagan boʻlsa:
M2, M3 toifadagi — favqulodda holatlarda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolgʻacha, tibbiyot qutichasi, 2 ta oʻt oʻchirgich (bittasi haydovchining kabinasida, ikkinchisi — yoʻlovchilar salonida), majburiy toʻxtaganini bildiruvchi belgi (yoki miltillovchi qizil chiroq) va nur qaytargichli kamzul (jilet);
M1, N1, N2, N3 toifadagi, mikroavtobus va gʻildirakli traktorlarda tibbiyot qutichasi, oʻt oʻchirgich, majburiy toʻxtaganligini bildiruvchi belgi (yoki miltillovchi qizil chiroq) va nur qaytargichli kamzul (jilet);
M3, N2, N3 toifadagi — oʻzi yurib ketishidan saqlovchi, gʻildirak diametriga muvofiq (kamida ikkita) tirgak;
O toifadagi, traktorlar, aravalar va boshqa oʻziyurar mashinalarda — tashqi nur qaytargichlar;
kajavali mototsikllar va elektromototsikllarda — tibbiyot qutichasi, majburiy toʻxtaganligini bildiruvchi belgi.
7.11. Mototsikl va elektromototsiklarda konstruksiyasida koʻzda tutilgan xavfsizlik yoyi (duga) boʻlmasa.
7.12. Mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlarda, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarida konstruksiyasida koʻzda tutilgan oyoq tiragich, egarida yoʻlovchi uchun koʻndalang tutqich boʻlmasa.
7.13. Konstruksiyasida koʻzda tutilgan xavfsizlik kamarlari va oʻrindiqlarning bosh suyanchiqlari boʻlmasa.
7.14. Xavfsizlik kamarlari ishga yaroqsiz yoki tasmasida koʻrinadigan yirtiqliklar mavjud boʻlsa.
7.15. Transport vositasining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari yoki ularni oʻrnatish usuli belgilangan talablarga javob bermasa.
Transport vositasida roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini koʻrinishini cheklaydigan, toʻgʻri aniqlanishiga xalaqit beradigan har-xil buyumlar oʻrnatilgan va qoplamalar bilan qoplangan boʻlsa.
7.16. Yarim tirkamada tayanch moslamasi, tayanchlarni transport holatida qulflovchi moslama, tayanchlarni koʻtarish va tushirish moslamasi yoʻq yoki nosoz.
7.17. Ehtiyot (zaxira) gʻildirakni ushlab turgich, lebyodka va ehtiyot gʻildirakni koʻtarish — tushirish qurilmasi ishlamasa. Lebyodkaning xrapli qurilmasi barabanni mahkamlash kanati bilan qulflanmayotgan boʻlsa.
7.18. Dvigatel, uzatmalar qutisi, reduktorlar, orqa koʻprik, ilashish (ssepleniye) mexanizmi, akkumulyator batareyasi, sovitish va konditsioner tizimlari va transport vositasiga qoʻshimcha oʻrnatiladigan gidravlik qurilmalarning (moslamalarning) birikmalari va zichlagichlarining zichligi buzilgan boʻlsa.
7.19. Gazli taʼminlash tizimi bilan jihozlangan avtobus va avtomobil gaz ballonlarining tashqi tomonida koʻrsatilgan texnik koʻrsatgichlar texnik pasportdagi maʼlumotlarga mos kelmasa, oxirgi va rejalashtirilayotgan tekshiruvlarning sanasi boʻlmasa.
7.20. Transport vositalarining tashqi yuzasiga qonunchilik hujjatlariga mos kelmaydigan, harakat xavfsizligiga salbiy taʼsir etuvchi turli xil tasvirlar tushirilgan, oynalariga (lyukdan tashqari) reklama chizilgan (qoplangan) boʻlsa.
Ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan koʻzda tutilmagan hollarda kuzov (kabina) bir necha xil rangga boʻyalgan, plyonka yopishtirilgan yoki rangi, tusi oʻzgartirilgan boʻlsa (maxsus transport vositalari bundan mustasno).
7.21. Transport vositalari oʻzboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan boʻlsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli boʻyoq sxemalar, yozuvlar va belgilar boʻlsa.
7.22. DYXXX organlarining ruxsatisiz transport vositalarining konstruksiyasiga oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlsa.
Transport vositalariga boshqa turdagi moldinglar, gʻildirak qopqoqlari oʻrnatilishiga, shuningdek, ishlab chiqarilishi toʻxtatilgan avtomobillarga boshqa turdagi va rusumdagi transport vositalarining buferlarini oʻrnatishga ruxsat etiladi.
Ushbu ilovada Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentda belgilangan avtotransport vositalarini tasnifi (klassifikatsiyasi) keltirilgan:
M toifasi — kamida toʻrt gʻildirakka ega boʻlgan va yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan mexanik transport vositalari, shu jumladan:
M1 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan avtotransport vositalari.
M2 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t gacha boʻlgan avtotransport vositalari.
M3 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t dan koʻp boʻlgan avtotransport vositalari.
M2 va M3 toifalardagi avtotransport vositalari quyidagi klasslarga mansub:
a) uch klassdan (I, II, III) bittasiga yoki bir nechtasiga;
b) ikki klassdan (A, V) bittasiga.
I klass — yoʻlovchilar salonda bemalol yurishi maqsadida konstruksiyasida turib ketadigan yoʻlovchilar uchun joylar koʻzda tutilgan avtotransport vositalari.
II klass — konstruksiyasi asosan oʻtirib ketadigan yoʻlovchilar uchun moʻljallangan va qatorlar orasida va (yoki) ikkita birlashgan oʻrindiq uchun ajratilgan joy chegarasidan chiqmasdan joylashib, turib ketadigan yoʻlovchilarni ham tashish koʻzda tutilgan avtotransport vositalari.
III klass — konstruksiyasi faqat oʻtirib ketadigan yoʻlovchilar uchun moʻljallangan avtotransport vositalari.
A klass — turib ketadigan yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalari; bu klassdagi transport vositalari oʻrindiqlar bilan jihozlangan va ularda turib ketadigan yoʻlovchilarni tashish koʻzda tutilgan.
V klass — turib ketadigan yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallanmagan avtotransport vositalari.
Mikroavtobuslar yoʻlovchilar tashish uchun moʻljallangan, haydovchidan tashqari 16 tagacha oʻtiradigan yoʻlovchi uchun joy boʻlgan V klassdagi avtotransport vositasi.
N1 toifasi — yuk tashish uchun moʻljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari.
N2 toifasi — yuk tashish uchun moʻljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 12 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari.
N3 toifasi — yuk tashish uchun moʻljallangan, eng katta vazni 12 t dan ortiq boʻlgan avtotransport vositalari.
O toifasi — tirkamalar (yarim tirkamalar ham).
O1 toifasi — eng katta vazni 0,75 t dan oshmaydigan tirkamalar.
O2 toifasi — eng katta vazni 0,75 t dan ortiq, lekin 3,5 t dan oshmaydigan tirkamalar.
O3 toifasi — eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 10 t dan oshmaydigan tirkamalar.
O4 toifasi — eng katta vazni 10 t dan ortiq boʻlgan tirkamalar.
L toifasi — mototransport vositalari.
L1 toifasi — maksimal konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmaydigan, ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm³ gacha boʻlgan yoki elektrodvigatelining nominal maksimal quvvati 4 kilovattdan oshmaydigan ikki gʻildirakli transport vositasi;
L2 toifali — maksimal konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmaydigan, ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm³ gacha boʻlgan yoki elektrodvigatelining nominal maksimal quvvati 4 kilovattdan oshmaydigan uch gʻildirakli transport vositasi;
L3 toifali — ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm³ va undan oshadigan, konstruktiv tezligi (har qanday dvigatelli) soatiga 50 kilometr va undan oshadigan ikki gʻildirakli transport vositasi;
L4 toifali — ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm³ va undan oshadigan yoki konstruktiv tezligi (har qanday dvigatelli) soatiga 50 kilometr va undan oshadigan, oʻrtacha uzunlama tekislikka nisbatan asimmetrik kajavali uch gʻildirakli transport vositasi;
L5 toifali — ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm³ va undan oshadigan, konstruktiv tezligi (har qanday dvigatelli) soatiga 50 kilometr va undan oshadigan yoki transport vositasining oʻrtacha uzunlama tekisligiga nisbatan simmetrik kajavali uch gʻildirakli transport vositasi;
L6 toifali — akkumulyatorlarini hisobga olmaganda (elektr transport vositalari uchun) vazni 350 kilogrammdan oshmaydigan maksimal konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmaydigan yoki ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm³ gacha yoxud elektrodvigatelining nominal maksimal quvvati 4 kilovattdan oshmaydigan toʻrt gʻildirakli transport vositasi;
L7 toifali — L6 toifadagi transport vositalaridan farqli oʻlaroq akkumulyatorlarini hisobga olmaganda (elektr transport vositalari uchun) toʻliq vazni 400 kilogrammdan (yuk tashish uchun moʻljallangan transport vositalari uchun 550 kilogrammdan) oshmaydigan va elektrodvigatelining nominal maksimal quvvati 15 kilovattdan oshmaydigan toʻrt gʻildirakli transport vositasi.
Sahnalar (14)
Toʻxtab turish tormozi qiyalikda ushlab turishi kerak
1-sahna, jami 14 ta14.4 s- Qoʻl tormozi (toʻxtab turish tormozi) mashinani qiyalikda ushlab turishi kerak.
- Kamida 16 foiz; yengil mashina va avtobus uchun 25 foiz; yuk mashinasi va avtopoyezd uchun 31 foiz.
- B ning tormozi ushlamayapti: mashina orqaga yurib ketmoqda, foydalanish taqiqlanadi.
Shina protektori naqshining eng kam balandligi
2-sahna, jami 14 ta10.4 s- Protektor naqshi shu qiymatdan past boʻlsa, mashinadan foydalanish taqiqlanadi.
- Avtobus uchun chegara baland, mototsikl uchun eng past.
Tashqi yoritgichlarning rangi
3-sahna, jami 14 ta16 s- Old chiroqlari oq yoki sariq boʻlishi kerak.
- Orqada qizil chiroq va qizil nur qaytargich; orqaga yurish va burilish chiroqlari bundan mustasno.
- Yon tomonda faqat sariq yoki zargʻaldoq.
- Rangi boshqa chiroq oʻrnatilgan mashinadan foydalanish taqiqlanadi.
Oyna tozalagich va yuvgich
4-sahna, jami 14 ta14 s- Yomgʻirli havoda haydovchi yoʻlni oyna tozalagich yordamida koʻradi.
- A ning oyna tozalagichi ishlamayapti: bunday mashinadan foydalanish taqiqlanadi.
- Oyna yuvgich ishlamasa ham foydalanish taqiqlanadi. B ning tozalagichi ishlaydi.
Rul boshqaruvining lyufti (boʻsh yurishi)
5-sahna, jami 14 ta13.1 s- Rulning boʻsh yurishi (lyuft) bundan katta boʻlsa, foydalanish taqiqlanadi.
- Transport turiga qarab chegara kattalashadi: 10, 20 va 25 gradus.
Avtotransport vositalarining toifalari (M, N)
6-sahna, jami 14 ta7.8 s- M toifasi yoʻlovchi tashiydigan, kamida toʻrt gʻildirakli transport.
- N toifasi yuk tashiydi: massasiga qarab N1, N2 va N3.
Mototransport va tirkamalar toifalari (L, O)
7-sahna, jami 14 ta9.6 s- L toifasi mototransport vositalari: L1 dan L7 gacha.
- O toifasi tirkamalar (yarim tirkamalar ham): massasiga qarab O1 dan O4 gacha.
Majburiy jihozlar (7.10): yengil va yuk mashinalari
8-sahna, jami 14 ta10.8 s- M1, N1, N2, N3, mikroavtobus va gʻildirakli traktorda: quticha, oʻt oʻchirgich, belgi va kamzul.
- Bu jihozlar boʻlmasa, transport vositasidan foydalanish taqiqlanadi.
Majburiy jihozlar (7.10): avtobuslar
9-sahna, jami 14 ta10.8 s- M2 va M3 avtobuslarida jihozlar koʻproq: bolgʻacha va ikkita oʻt oʻchirgich ham bor.
- Bu jihozlar boʻlmasa, transport vositasidan foydalanish taqiqlanadi.
Majburiy jihozlar (7.10): tirgaklar va nur qaytargichlar
10-sahna, jami 14 ta10 s- Ogʻir transportda gʻildirak tirgaklari, kajavali mototsiklda tibbiyot qutichasi va belgi bor.
- Bu jihozlar boʻlmasa, transport vositasidan foydalanish taqiqlanadi.
Tashqi nur qaytargichlar (7.10): tirkama, traktor, arava
11-sahna, jami 14 ta10.6 s- Tirkama, traktor va aravada tashqi nur qaytargichlar boʻlishi shart.
- Nur qaytargichlar boʻlmasa, transport vositasidan foydalanish taqiqlanadi.
Oynaning yorugʻlik oʻtkazuvchanligi (7.4)
12-sahna, jami 14 ta10.1 s- Old va yon oynalar kamida 70 foiz yorugʻlik oʻtkazishi kerak; ruxsatnomali oyna istisno.
- Oʻtkazuvchanlik 70 foizdan kam boʻlsa, foydalanish taqiqlanadi.
Xavfsizlik kamarlari va bosh suyanchiqlari (7.13, 7.14)
13-sahna, jami 14 ta10.5 s- Kamar ishga yaroqli, yirtiqsiz va bosh suyanchigi oʻrnida boʻlishi kerak.
- Bunday nuqsonlar boʻlsa, transport vositasidan foydalanish taqiqlanadi.
Shinaning tashqi nuqsonlari (5.2)
14-sahna, jami 14 ta10.5 s- Shinada kord koʻrinsa, qatlamlar ajralsa yoki protektor koʻchsa, mashina yurmaydi.
- Bunday nuqsonlar boʻlsa, transport vositasidan foydalanish taqiqlanadi.